Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Xidoyatov payshanba kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni ta’mirlash hamda ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish uchun majburiy badallar yoki to‘lovlarning eng kam miqdorlari joriy etilganiga izoh berdi.

Qurilish va UJKX vazirligi rahbarining buyrug‘i bilan 1-maydan boshlab O‘zbekistonda ijara to‘lovlarining eng kam miqdorlari tasdiqlangandi. Toshkentda ular binoning maydoni va qavatlari soniga qarab 1 kv metr uchun 1147 so‘mdan 1829 so‘mgacha bo‘ladi.

Unga ko‘ra, boshqaruv kompaniyalari va uy-joy mulkdorlari shirkatlari ijara stavkalarini eng kam miqdordan yuqori belgilashi mumkin, lekin undan past bo‘lmasligi kerak.

“Nima uchun biz minimal tarifni aniqladik? Bizda tadqiqot olib borgan loyiha institutlari bor. Masalan, bizda bitta kirish eshigi mavjud bo‘lgan, ikki, uch, to‘rtta kirish va hokazo bo‘lgan standart ko‘p qavatli binolar bor. Qavatlar soni va liftning mavjudligi ham hisobga olinadi. Biz [narxlarni] ajratdik va minimal tariflarni aniqladik. [Boshqaruv organi] nima deb o‘ylamasin, agar u [minimal tariflardan] past narxlarni belgilasa, uyni [to‘g‘ri holatda] saqlab turolmaydi. Yuqori narxlarni aholi bilan kelishgan holda aniqlash mumkin”, — dedi Sherzod Hidoyatov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “majburiy chora”, chunki uylar va binolarni to‘g‘ri holatda saqlash kerak.

“Masalan, mashinalarimizni yaxshi ishlatamiz, moyni o‘z vaqtida almashtiramiz, yonilg‘ini o‘z vaqtida to‘ldiramiz. Ammo uylarimizni undan ham ko‘proq qadrlaymiz. Nega uyimizni to‘g‘ri parvarish qilmasligimiz kerak? Agar uni yaxshi saqlasak, uyimizning qadri hamisha oshadi”, — dedi u.

Vazirlik tomonidan tasdiqlangan tarifni belgilashda boshqaruv organiga ko‘rsatilishi shart bo‘lgan minimal ish va xizmatlar ro‘yxati ham tasdiqlangan (3501-sonli buyruq). Ular orasida:

  • ko‘p kvartirali uylardagi umumiy foydalanishdagi obyektlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash;
  • lift uskunalarini texnik monitoring qilish (ixtisoslashgan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bilan shartnomalar tuzilgan hollarda);
  • fasad va kirish yo‘laklarini talab darajasida saqlash va ta’mirlash (uyga kirish yo‘lagi eshik va devorlarini ta’mirlash, suvash, bo‘yash);
  • yerto‘lada o‘rnatilgan ichimlik suvi nasoslarining texnik soz holda bo‘lishini ta’minlash (qurilishda suv nasoslarini o‘rnatish loyihalashtirilmagan ko‘p kvartirali uylar bundan mustasno);
  • tom qismining gidroizolyatsiya qatlamini tiklash va yamash;
  • yerto‘ladagi kommunikatsiya tarmoqlari, shaxtalardagi kommunikatsiya tarmoqlari, elektr energiyasi tarmoqlarini soz holda saqlash va joriy ta’mirlash (bo‘yash, oqlash, yamash, umumiy foydalanishdagi elektr kabellarini almashtirish, tik va yotiq quvurlarni, ichimlik suvi quvurlarini ta’mirlash va boshqalar);
  • novlarni soz holatda saqlash va ularni doimiy tozalash va boshqalar — ro‘yxatda jami 16 ta band mavjud.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 1,4 million xonadondan ortiq 42 057 ta ko‘p qavatli uy mavjud bo‘lib, ulardan 38,7 mingta uyga 819 ta boshqaruv tashkiloti, 836 tasiga 156 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlari xizmat ko‘rsatadi, 1130 tasi o‘zini o‘zi boshqarish va 1405 tasi idora va tashkilotlar balansida.

Ta’kidlanishicha, respublikadagi boshqaruv tashkilotlari balansida 17 ming birlikdan ortiq zarur texnika va jihozlar mavjud bo‘lib, ularda 11 mingdan ortiq ishchi-xizmatchi, jumladan, 2195 nafar boshqaruvchi, 1851 nafar chilangar, 1517 nafar elektr va payvandchi, 3142 nafar obodonlashtirishga mas’ul xodim va 2332 nafar boshqa ishchi mehnat qilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2023−2024-yillarda respublika bo‘yicha 5684 ta ko‘p qavatli uylar 278,6 milliard so‘mga ta’mirlangan: respublika va mahalliy budjetlar hisobidan 176,2 milliard so‘m, boshqaruv tashkilotlari hisobidan 75,1 milliard so‘m, homiylik hisobidan 27,3 milliard so‘m.

2024/2025-yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida boshqaruv tashkilotlarining 5493 ta ko‘p kvartirali uylarini 126,6 milliard so‘mlik kapital ta’mirlash rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar bu ishlarning 20 foizi bajarildi, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Qurilish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 30-aprel holatiga ko‘ra, aholining ijara to‘lovidan 207 milliard so‘m qarzdorligi mavjud. “Debitor qarzdorlikni undirish tadbirlari davom etmoqda. Hozirgi kunda tushum o‘rtacha 95 foizni tashkil etadi”, — deyiladi xabarda.